Bank oʻtkazmalari uchun yangi limitlar
Bank ilovalari orqali masofaviy moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda xavfsizlik boʻyicha yangilangan talablar amaliyotga joriy etildi. Markaziy bank tomonidan belgilangan qoidalarga koʻra, endilikda har bir bank va toʻlov tashkiloti tasdiqlash kodi soʻralmaydigan oʻtkazmalar uchun oʻz limitini belgilaydi. Agar belgilangan miqdordan ortiq summa oʻtkazilsa, amaliyot albatta qoʻshimcha tasdiqlanishi kerak.
Tasdiqsiz bajarilgan oʻtkazmada firibgarlik holati aniqlansa, yetkazilgan zarar uchun javobgarlik bank yoki toʻlov tashkilotining oʻziga yuklanadi. Bundan tashqari, mobil ilovada yangidan roʻyxatdan oʻtish, parolni tiklash va boshqa qurilma orqali hisobga kirishda biometrik identifikatsiyadan oʻtish majburiy qilib belgilandi. Kartalarni ilovaga bogʻlash jarayonida esa biometriya talab etilmaydi va oddiy tasdiqlash kodi yetarli boʻladi.