Toshkentda suv apparatlariga reyd
Toshkent shahrida voyaga yetmagan oʻsmirlar tomonidan ichimlik suvi sotish apparatlariga tizimli ravishda hujum qilish va oʻgʻrilik holatlari kuzatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda 14-15 yoshlardagi bolalarning maxsus qurilmalarni pachoqlab, ekranlarini sindirib, ichidagi pullarni oʻgʻirlab ketayotgani aks etgan. Maʼlum boʻlishicha, bunday holatlar poytaxtning turli nuqtalarida takrorlanmoqda va tadbirkorlarga juda katta miqdorda moddiy zarar yetkazmoqda.
Qoʻlga olingan oʻsmirlar voyaga yetmaganligi sababli amaldagi qonunchilikka koʻra faqat ularning ota-onalariga jarima qoʻllanilmoqda, biroq bu oʻgʻrilikning toʻxtashiga va vaziyat oʻnglanishiga xizmat qilmayapti. Oʻsmirlar oʻgʻirlangan pullar hisobidan jarimalarni toʻlab, jinoiy harakatlarini davom ettirayotgani aytilmoqda. Natijada koʻplab suv apparatlari butunlay ishdan chiqib, aholi kundalik ehtiyoj uchun zarur boʻlgan tozalangan ichimlik suvidan mahrum boʻlib qolmoqda.
Hozirda jabrlangan tadbirkorlar ushbu muammoga huquq-tartibot idoralari tomonidan jiddiyroq eʼtibor qaratilishini va qatʼiy choralar koʻrilishini soʻrashmoqda.