Shvetsiya bilan migratsiya dasturi
Oʻzbekiston va Shvetsiya oʻzaro kelishuv asosida yangi migratsiya va safarbarlik dasturini ishga tushirishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi maʼlum qildi. Idora rahbari Muhsinxodja Abduraxmonov Shvetsiyaning Migratsiya agentligi vakillari bilan muzokaralar oʻtkazib, mamlakat texnikumlarida shved tilini oʻrgatish hamda mahalliy ish beruvchilar talablari asosida kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Ushbu pilot loyiha oʻn sakkiz oyga moʻljallangan boʻlib, fuqarolarni qonuniy va xavfsiz ish bilan taʼminlashga qaratilgan. Shuningdek, yurtimizda shved tilini bilish darajasini baholovchi maxsus imtihon markazini ochish rejalashtirilmoqda. Tomonlar mutaxassislarning kasbiy bilimlarini baholash va sinovdan oʻtkazish tizimini yaratish boʻyicha hamkorlikni davom ettiradi.