Buxoro NQIZga 1,8 milliard dollar
Buxoro neftni qayta ishlash zavodini kengaytirish uchun 1,8 milliard dollarlik istiqbolli loyiha taqdim etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim qilingan rejaga koʻra, korxonada qurilish ishlari 2028 yilda boshlanadi. Loyihada Xitoy, Fransiya, AQSH va Ozarbayjonning yetakchi kompaniyalari ishtirok etadi.
Zavodda neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yiliga 2,1 million tonnadan 4,6 million tonnagacha oshirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, 328 million dollarlik yana bir loyiha evaziga Yevro-5 standartidagi benzin ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Buning natijasida qoʻshimcha yoqilgʻi qoʻshilmalari importi tejalib, yiliga 150 million dollar mablagʻ tejab qolinadi.
Zavodda 200 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Korxona joriy yilning toʻqqiz oyida 1,5 million tonnadan ortiq xomashyoni qayta ishlab, 2,2 trillion soʻm sof foyda olgan edi.