Jarima maydonida katta navbatlar
Toshkent shahar Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining maʼmuriy amaliyot markazida haydovchilarning katta navbati yuzaga keldi. Yuzlab odamlar oʻz mashinalarini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun ruxsatnoma kutishmoqda. Baʼzi haydovchilar ikki kundan beri navbatda turganini va toʻlov qilish uchun soatlab vaqt sarflayotganini aytishmoqda.
Bunday tirbandlikka 14–15 noyabr kunlari oʻtkazilgan keng koʻlamli reyd tadbirlari sabab boʻlgan. Ikki kunlik tungi amaliyot davomida jami 751 ta transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Haydovchilar asosan qarzdorlik, hujjatsiz oyna qoraytirish va mast holatda mashina boshqarish kabi qoidabuzarliklar uchun toʻxtatilgan.
Mutasaddilar maʼmuriy amaliyot markazlariga kelmasdan, onlayn tarzda ham ruxsatnoma olish mumkinligini eslatib oʻtdi. Buning uchun my.gov.
uz portali yoki maxsus mobil ilova orqali murojaat qilish kifoya. Biroq oxirgi uch oy ichida atigi yetti nafar haydovchi ushbu qulaylikdan foydalangan. Bu esa aholi orasida raqamli xizmatlar hali yetarlicha ommalashmaganini anglatadi.