Shavkat Mirziyoyevni Oʻmonda qiruvchilar kuzatdi
Shavkat Mirziyoyevning Oʻmonga davlat tashrifi yuksak hurmat va tantana bilan boshlandi. Masqatdagi «Al-Aʼlam» saroyida davlat rahbari sharafiga 21 marta toʻpdan oʻq uzildi. Sulton Haysam bin Toriq Ol Said oʻzbekistonlik mehmonni saroyda shaxsan kutib oldi. Prezident samolyoti Oʻmon havo hududiga kirishi bilan uni qiruvchi samolyotlar kuzatib bordi. Bu diplomatik protokoldagi eng oliy ehtirom belgisidir. Muzokaralarda asosiy eʼtibor savdo va investitsiyaga qaratilgan. Oʻmonning dengiz portlari Oʻzbekiston uchun jahon bozoriga chiqishda strategik ahamiyatga ega. Ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar yangi bosqichga chiqmoqda. Oʻmon Fors koʻrfazidagi muhim logistika markazi hisoblanadi. Oʻzbekiston esa qishloq xoʻjaligi, energetika va sanoat mahsulotlarini eksport qilishdan manfaatdor. Saroy oldida Oʻmon Qirollik gvardiyasi orkestri ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.
Tashrif yakunida bir qator muhim hujjatlar va bitimlar imzolanishi kutilmoqda. Bu kelishuvlar ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Ertaga, 17 noyabr kuni ham oliy darajadagi uchrashuvlar va biznes doiralari bilan muloqotlar davom etadi.