Gazsiz uylarga elektr arzonlashadi
Markazlashgan gaz tarmogʻiga ulanmagan xonadonlar uchun elektr energiyasi toʻlovi 25 noyabrdan eʼtiboran qayta hisoblanadi. Energetika vazirligi ushbu yangilik boʻyicha rasmiy tushuntirish berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tabiiy gaz berilmaydigan hududlar aholisidan koʻplab eʼtirozlar kelib tushgan edi.
Fuqarolar noyabr oyi uchun toʻlovlar standart bazaviy normada hisoblanayotganidan shikoyat qilishdi. Masʼullar «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxat maxsus tizimga kiritilishini va hisob-kitob 25 noyabrgacha yakunlanishini maʼlum qildi. Yangi qoidaga koʻra, gazlashtirilmagan hududlar uchun bazaviy norma 350 kilovatt-soat qilib belgilandi.
Masalan, noyabr oyida 300 kilovatt-soat elektr ishlatgan oila ilgari 220 ming soʻm toʻlagan boʻlsa, endi 195 ming soʻm toʻlaydi va 25 ming soʻm tejaydi. Mutasaddilarning taʼkidlashicha, ushbu oshirilgan bazaviy normani qoʻllash uchun fuqarolardan hech qanday ariza yoki maʼlumotnoma talab etilmaydi. Barcha jarayonlar va qayta hisob-kitoblar avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Yangi tartib noyabr oyining boshidan boshlab ishlatilgan elektr energiyasi miqdoriga tatbiq etiladi. Aholi tejab qolgan mablagʻlarini kelgusi toʻlovlarda koʻrishlari mumkin boʻladi.