Birjaga benzin yetkazish 2 baravar oshadi
«Oʻzbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati mamlakat birjasiga benzin yetkazib berish hajmini keskin oshirishini eʼlon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati tomonidan rasmiy bayonot berildi. Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda qishda metan shoxobchalari faoliyati cheklanishi haqida mish-mishlar tarqaldi.
Shu sababli ayrim xususiy yonilgʻi shoxobchalari benzinni oldindan koʻproq xarid qilib, zaxira toʻplashga oʻtdi. Bu holat birja savdolarida talab va narxlarning sunʼiy ravishda oshishiga olib keldi. Masalan, 19 noyabr kuni AI-92 markali benzin narxi birjada rekord darajaga yetdi.
Vaziyatni barqarorlashtirish uchun «Oʻzbekneftgaz» birjaga kunlik benzin chiqarishni 8 ming tonnagacha, zarur boʻlsa 10 ming tonnagacha yetkazishga tayyorligini bildirdi. Hozirda kuniga 4,6 ming tonna yonilgʻi sotuvga qoʻyilmoqda. Kompaniya Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yiliga 1,1 million tonna benzin ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari, qish mavsumi uchun 102 ming tonna tayyor benzin zaxirasi yaratilgan boʻlib, bu ikki oylik isteʼmolni toʻliq qoplaydi. Energetika sohasi mutasaddilari yonilgʻi taqchilligiga hech qanday asos yoʻqligini taʼkidlamoqda. Shuningdek, mavsumiy talabni qondirish maqsadida tayyor benzin importi ham kengaytirilmoqda.