Oʻzbekiston arbitrajda yutdi
Xalqaro arbitraj sudi Oʻzbekistonga qarshi qoʻyilgan barcha daʼvolarni toʻliq rad etdi. Investitsiyaviy nizolarni hal etish boʻyicha xalqaro markaz arbitraj tribunali Turkiya fuqarosi Mehmet Zeki Obuz va boshqalarning respublikamizga qarshi qoʻzgʻatgan ishi yuzasidan yakuniy qarorini eʼlon qildi. Oziq-ovqat sohasidagi korxona faoliyati bilan bogʻliq ushbu nizo besh yildan ortiq vaqt davomida koʻrib chiqilgan edi.
Daʼvogarlar Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida 1992 yilda imzolangan investitsiyalarni himoya qilish toʻgʻrisidagi bitimga tayanib murojaat qilgan edi. Vashington shahrida boʻlib oʻtgan eshituvlarda mamlakatimiz manfaatlari Adliya vazirligi hamda nufuzli xorijiy yuridik firma tomonidan muvaffaqiyatli himoya qilindi. Natijada tribunal xorijlik investorlarning barcha talablarini asossiz deb topib, rad etdi.
Bunday yirik xalqaro sud jarayonlarida davlat manfaatlarining himoya qilinishi mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.